Aholini ro’yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik yuzasidan seminar o’tkazildi

Joriy yilning 10 - dekabr kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi Ro’yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o’tkazish bo’limi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5655-sonli farmoni hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 11- noyabrdagi 710-sonli qarori ijrosi yuzasidan Namangan viloyati Mingbuloq tumani hokimligining katta majlislar zalida tumanda joylashgan tashkilotlar va muassasalar xodimlari ishtirokida seminar yig’ilish o’tkazildi.

Seminarda, aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy va metodik tamoillari, dasturiy-texnik ta’minoti va ma’lumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlarini sinovdan o‘tkazish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlaridagi mas’uliyati haqida atroflicha tushunchalar berildi.

Bundan tashqari, aholini ro’yxatga olish ishonchli ma’lumot, uzoq muddatli prognozlar, davlatning ijtimoiy–iqtisodiy rivojlanishi va aholini bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish milliy maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini o’rganish hamda ilmiy tadqiqotlarni olib borish uchun muhim hisoblanishi haqida tushunchalar berib o’tdi.