O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

AHOLINI RO‘YXATGA OLISH TO‘G‘RISIDA

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 21-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 28-fevralda ma’qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

aholini ro‘yxatga olish — O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni;

aholini ro‘yxatga olish sanasi — aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat);

respondentlar — aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;

ro‘yxatga olish varag‘i — ko‘rsatilgan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka;

ro‘yxatga olish hujjatlari — aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui;

ro‘yxatga oluvchi xodimlar — O‘zbekiston Respublikasining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rishga va uni o‘tkazishga jalb etilgan, maxsus o‘quvdan o‘tgan voyaga yetgan fuqarolari;

uy xo‘jaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, o‘zini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlaydigan, umumiy xo‘jalik yuritadigan, pul mablag‘larini to‘liq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yig‘indisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin. Uy xo‘jaligi bitta shaxsdan iborat bo‘lishi mumkin.

4-modda. Aholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi

Aholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.

5-modda. Aholini ro‘yxatga olishning asosiy vazifalari

Aholini ro‘yxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish;

shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash;

aholini ro‘yxatga olishlar oralig‘idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;

ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish.

6-modda. Aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari

Aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

davriylik;

umumiylik va bir paytdalik;

ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi;

shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi;

aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.

7-modda. Davriylik prinsipi

Aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkaziladi.

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror sanasi va muddati ko‘rsatilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, qoida tariqasida, ro‘yxatga olishni o‘tkazish mo‘ljallangan sanadan kamida uch yil oldin kiritiladi.

8-modda. Umumiylik va bir paytdalik prinsipi

Aholini ro‘yxatga olishning yagona belgilangan sanasida shaxsga doir ma’lumotlarni barcha respondentlardan yig‘ish O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida bir paytning o‘zida amalga oshiriladi.

9-modda. Ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi prinsipi

Shaxsga doir ma’lumotlar yig‘ilayotganda ro‘yxatga olish varag‘i har bir respondent uchun yakka tartibda to‘ldiriladi.

10-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi prinsipi

Aholini ro‘yxatga olishning shaxsga doir ma’lumotlari maxfiy bo‘lib, respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi.

11-modda. Aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi prinsipi

O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish aholini ro‘yxatga olishni yagona boshqaruv tizimini yaratish asosida markazlashtirilgan holda amalga oshiriladi.

2-bob. Aholini ro‘yxatga olish sohasini tartibga solish

12-modda. Aholini ro‘yxatga olish sohasini davlat tomonidan tartibga solish

Aholini ro‘yxatga olish sohasini davlat tomonidan tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘z vakolatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining aholini ro‘yxatga olish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

aholini ro‘yxatga olish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibini, Aholini ro‘yxatga olish dasturini hamda ro‘yxatga olish varag‘ining shakllarini tasdiqlaydi;

aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlaridan foydalanish tartibini belgilaydi;

davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining aholini ro‘yxatga olish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

aholini ro‘yxatga olishga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish va ularga haq to‘lash tartibini belgilaydi.

14-modda. O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi

O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi:

aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlar o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishini ta’minlaydi;

aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlar jarayonining muvofiqlashtirilishi va monitoringini amalga oshiradi;

aholini ro‘yxatga olish natijalarining tahlilini o‘tkazadi;

aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni moliyalashtirish, aholini ro‘yxatga olish materiallariga ishlov berishni tashkil etish va uning yakuniy natijalarini e’lon qilish masalalariga doir takliflarni ko‘rib chiqadi;

aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning ishiga haq to‘lash masalalarini hal qilgan holda jalb etishni tashkil etadi;

xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasining ishchi organidir.

15-modda. Aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Maxsus vakolatli davlat organi:

ro‘yxatga olish hujjatlari shakllarini, ro‘yxatga oluvchi xodimlar guvohnomasi shaklini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

Aholini ro‘yxatga olish dasturini va ro‘yxatga olish varag‘ining shakllarini ishlab chiqadi;

ro‘yxatga olish varaqlari tayyorlanishini va hududlarga yetkazilishini ta’minlaydi;

aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida aholini xabardor qilishga doir ishlarni muvofiqlashtiradi;

ro‘yxatga oluvchi xodimlarni tanlab olish va o‘qitish tartibini, shuningdek shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish tartibini belgilaydi va ularga ishlov berishni amalga oshiradi;

ro‘yxatga olish varaqlari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlarining saqlanishi (shu jumladan vaqtincha saqlanishi), yo‘q qilinishi tartibini belgilaydi;

ro‘yxatga olish varaqlari va boshqa aholini ro‘yxatga olish hujjatlarini saqlash va yo‘q qilishni ta’minlaydi.

16-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining aholini ro‘yxatga olish sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalarni tuzadi;

ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olgan holda aholi punktlarida doimiy yashovchi aholi sonini ko‘rsatgan holda ushbu punktlarning to‘liq ro‘yxati tuzilishini ta’minlaydi;

ma’muriy-hududiy birliklarda ko‘chalarning nomlari, uylar va xonadonlarning raqamlari ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlar bo‘lishini ta’minlaydi;

jalb etilgan ro‘yxatga oluvchi xodimlar tarkibini tasdiqlaydi;

ro‘yxatga oluvchi xodimlarni tanlab olish va o‘qitishni tashkil etadi;

aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish doirasidagi ishlarni bajarishga jalb etiladigan shaxslarning o‘qishi va ishlashi uchun yaroqli mebel hamda aloqa vositalari bilan jihozlangan vaqtinchalik xonalar, shuningdek zarur transport vositalari berilishini ta’minlaydi;

ro‘yxatga olish varaqlarini va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlarini vaqtincha saqlash uchun qo‘riqlanadigan xonalar ajratish yuzasidan choralar ko‘radi;

aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarning muvofiqlashtirilishini tashkil etadi.

17-modda. Vazirliklarning, davlat qo‘mitalarining va idoralarning aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etishi

Aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish uchun mas’ul bo‘lgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar maxsus vakolatli davlat organiga aholini ro‘yxatga olish sohasidagi vazifalarni bajarish yuzasidan ko‘maklashadi.

18-modda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etishi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari:

aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rishga va uni o‘tkazishga ko‘maklashishi;

aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida xabardor qilish jarayonida ishtirok etishi;

joylarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin.

3-bob. Respondentlarning hamda ro‘yxatga oluvchi xodimlarning huquq va majburiyatlari

19-modda. Respondentlarning huquq va majburiyatlari

Respondentlar:

o‘zining shaxsga doir ma’lumotlari nima maqsadda yig‘ilayotganligini, ushbu ma’lumotlardan kim va qanday tarzda foydalanishini bilish;

o‘zi uchun to‘ldirilgan ro‘yxatga olish varaqlari bilan tanishib chiqish, ro‘yxatga olish varaqlariga kiritilgan shaxsga doir ma’lumotlarning to‘liqligi va ishonchliligini aniqlashtirish;

ro‘yxatga oluvchi xodimlardan tegishli guvohnomani ko‘rsatishini talab qilish, rad etilgan taqdirda esa — ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob bermaslik;

ro‘yxatga olish varag‘ining shakliga binoan shaxsga doir ishonchli ma’lumotlarni taqdim etish huquqiga ega.

Respondentlar aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga monelik qilmasligi shart.

20-modda. Ro‘yxatga oluvchi xodimlarning huquq va majburiyatlari

Ro‘yxatga oluvchi xodimlar:

ro‘yxatga olish varag‘iga binoan respondentlardan shaxsga doir ma’lumotlarni olish;

aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni bajarganlik uchun mehnatiga haq olish huquqiga ega.

Ro‘yxatga oluvchi xodimlar:

shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishni boshlashdan oldin respondentga o‘z guvohnomasini ko‘rsatishi;

o‘z vakolatlariga muvofiq ishlarni sifatli va belgilangan muddatlarda bajarishi;

shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish jarayonida Aholini ro‘yxatga olish dasturida belgilangan savollar ro‘yxatiga rioya etishi, ularning mazmuni buzilishiga yo‘l qo‘ymasligi;

shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashi, ularning mazmunini oshkor qilmasligi shart.

4-bob. Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish

21-modda. Aholini ro‘yxatga olish dasturi

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish amalga oshiriladigan savollar ro‘yxati Aholini ro‘yxatga olish dasturidir.

Aholini ro‘yxatga olish dasturi quyidagi savollarni o‘z ichiga oladi:

familiyasi, ismi, otasining ismi;

tug‘ilgan sanasi va joyi;

yoshi;

jinsi;

millati;

fuqaroligi;

yashash joyi (turgan joyi);

tillarni bilishi;

ma’lumoti;

nikoh holati;

bolalarining soni;

uy xo‘jaligi tarkibi;

uy-joy sharoitlari;

bandligi;

yashash uchun mablag‘lar manbalari;

migratsiya (ichki va tashqi).

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Aholini ro‘yxatga olish dasturiga qo‘shimcha ravishda boshqa savollar kiritilishi mumkin.

Javoblari davlat sirlariga va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirga taalluqli axborotni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi savollar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ro‘yxatga olish varag‘ining shakllari Aholini ro‘yxatga olish dasturi asosida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

22-modda. Sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish

Aholini ro‘yxatga olish dasturi loyihasini va ro‘yxatga olish hujjatlarining shakllarini, shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berishni, shuningdek aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlarni bir yoki bir necha ma’muriy-hududiy birliklarda sinovdan o‘tkazish sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishdir.

Sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

23-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibi

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish respondentlar yashaydigan (turadigan) turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chog‘ida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda respondentlar so‘rovini o‘tkazish hamda ro‘yxatga olish varaqlarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish axborot xavfsizligini ta’minlash talablarini hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

Respondentlar so‘rovi davlat tilida o‘tkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkin.

Ro‘yxatga olish varaqlari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi.

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddati ichida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ular uy xo‘jaligining voyaga yetgan a’zolari tomonidan ma’lum qilinadi. O‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan ma’lum qilinadi.

Respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi.

Aholini ro‘yxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish taqiqlanadi.

24-modda. Aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida chaqiruv asosida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar bo‘lgan, shuningdek kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar bo‘lgan va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila a’zosi bo‘lgan respondentlar haqidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish harbiy qism komandiri yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan amalga oshiriladi.

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida:

bolalar internatlarida, tarbiya muassasalarida, “Bolalar shaharchalari”da;

ijtimoiy muassasalarda;

diniy muassasalarda;

shifoxonalarda va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlarida;

zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarida;

qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (bo‘lgan) respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish ushbu qismda nazarda tutilgan muassasalar hamda tashkilotlar ma’muriyatlari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari hamda ularning oila a’zolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega bo‘lgan boshqa shaxslar ro‘yxatga olinmaydi.

25-modda. Aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlari

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish va ularga ishlov berish natijasida shakllantirilgan yig‘ma statistik axborot aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlaridir.

Aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holatining asosiy ko‘rsatkichlarini tavsiflovchi yakuniy ma’lumotlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiqdir hamda ular ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi va maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlaridan foydalanishda mulkiy va ma’naviy zarar yetkazishga, fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklari amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

26-modda. Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

27-modda. Nizolarni hal etish

Aholini ro‘yxatga olish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

28-modda. Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzilganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

29-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

30-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

31-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,
2020-yil 16-mart,
O‘RQ-611-son