Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida savol-javoblar
Aholini va qishloq xojaligini ro‘yxatga olish qachon o‘tkaziladi?
JAVOB
Aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha o‘tkaziladi.
Ro‘yxatga olishni o‘tkazish davomiyligi necha kun?
JAVOB
Ro‘yxatga olishni o‘tkazish davomiyligi — 45 kun.
Ro‘yxatga olish varag‘i shakllari kim to‘ldiradi?
JAVOB
Ro‘yxatga olish varag‘i shakllari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi.
Statsionar uchastka nima uchun kerak?
JAVOB
Yashab turgan xonadonida (joyida) ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish so‘rovnomalarini to‘ldirish statsionar uchastkalarda amalga oshiriladi.
Respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishdan bosh tortsa, ular to‘g‘risidagi ma’lumot qanday to‘ldiriladi?
JAVOB
Respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda, ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi.
Gapirishi va eshitishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini qaysi tartibda olamiz?
JAVOB
Gapirishi va eshitishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ish tegishli hudud bo‘yicha nogironlik jamiyatlarining xodimlari yoki ushbu shaxslar bilan muomala qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan shaxslar ko‘magida amalga oshiriladi.
Qanday holatda vaqtincha yashab kelayotgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar aholi soni va uning tarkibini hisoblashda hisobga olinadi?
JAVOB
Bir yildan ko‘p muddatda respublika hududida vaqtincha yashab kelayotgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisobga olinadi.
Aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish dasturiga nimalar kiradi?
JAVOB
Aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllariga kiritilgan savollardan tashkil topadi.
Har bir ro‘yxatga oluvchiga o‘rtacha to‘g‘ri keladigan yuklama qancha?
JAVOB
qishloq joylarda o‘rtacha 700 kishi va shaharlarda o‘rtacha 900 kishi
2026 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishda respondentlar so‘rovi qaysi muddatlarda tashkil etiladi?
JAVOB
15 - 31 yanvar kunlari — internet tarmog‘i orqali aholini ro‘yxatga olish (17 kun); 1 - 3 fevral kunlari — internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tgan respondentlar va ularning uy manzillari ro‘yxatini shakllantirish (3 kun); 4 — 28 fevral kunlari — aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari asosida uyma-uy yurib aholini ro‘yxatga olish (25 kun).
Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishda ro‘yxatga oluvchi xodimlar respondentlarga qanday ma’lumotlarni berishi kerak?
JAVOB
So‘rov o‘tkazishdan oldin o‘zini tanishtirishi, respondentga o‘z guvohnomasini ko‘rsatishi, tashrif maqsadini tushuntirishi, shuningdek, ro‘yxatga olishda ishtirok etishning muhimligi, respondentlarning shaxsga doir ma’lumotlari maxfiyligi ta’minlanishi va so‘rov taxminan qancha vaqt davom etishi to‘g‘risida ma’lumot berishi lozim.
Ro‘yxatga oluvchilar ish jarayonida yuzaga keladigan muammolar va ularning sabablari bo‘yicha kimga xabar berishi kerak?
JAVOB
Ro‘yxatga olish uchastkasi boshlig‘iga
Kun rejasini tuzishda ro‘yxatga oluvchilar nimalarni e’tiborga olishlari lozim?
JAVOB
- kam vaqt sarf etib, qisqa masofani bosib maksimal miqdorda binolarni aylanib, ro‘yxatga olishni o‘tkazishni; - jinoyatchilik ko‘p uchraydigan hududlar va tarbiyasi og‘ir oilalar bo‘lgan xonadonlarga Milliy gvardiya yoki ichki ishlar organlari xodimlari bilan birgalikda tashrif buyurgan holda zarur xavfsizlik choralarini ko‘rishni hisobga oladi.
Respondentlar bilan so‘rov qaysi tilda o‘tkaziladi?
JAVOB
So‘rov davlat tilida o‘tkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkin.
Aholining ayrim toifalari yashaydigan muassasalar (tashkilotlar) qaysilar?
JAVOB
Bolalar internatlari, tarbiya muassasalari, ijtimoiy muassasalari, diniy muassasalari, shifoxonalar va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlari, zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari, qamoqda saqlash joylari, tergov hibsxonasi, axloq tuzatish muassasalari va maxsus muassasalar.
Aholi hisobining to‘liqligi va ishonchliligi qanday ta’minlanadi?
JAVOB
Aholi hisobining to‘liqligi va ishonchliligi ta’minlash maqsadida uch kun muddatda tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi o‘tkaziladi. Nazorat kuzatuvi barcha hisob uchastkalari bo‘yicha tanlov asosida 10 foizdan kam bo‘lmagan qamrov bilan o‘tkaziladi.
Aholini ro‘yxatga olishning shaxsga doir ma’lumotlari respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatilmasligi qaysi hujjatda qayd etilgan?
JAVOB
«Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasida.
Aholini ro‘yxatga olish nima uchun zarur?
JAVOB
Birinchidan, aholini ro‘yxatga olish bu – davlat miqyosida amalga oshiriladigan ishdir. Buning natijasida mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati” paydo bo‘ladi.Aholini ro‘yxatga olish mustaqil respublikamizda tarixiy voqea hisoblanadi, lekin deyarli dunyoning barcha mamlakatlarida muntazam amalga oshiriladigan tadbirdir. O‘zbekiston Respublikasida umumiy aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri birinchi marta 2026 yilda bo‘lib o‘tadi. Ikkinchidan, aholini ro‘yxatga olish ma‘lumotlari “ijtimoiy himoya”, “investitsiya”, “uy-joy”, “sog‘liqni saqlash”, “madaniyat”, “turizm”, “ta‘lim”, “yo‘l qurilishi va infratuzilma” kabi manzilli dasturlarni tayyorlanishi va amalga oshirilishida xizmat qiladi. Kelgusida aholini ro‘yxatga olish natijalariga asoslanib, ushbu dasturlarni amalga oshirish natijalarini baholash, iqtisodiy prognozlash va demografik siyosatni shakllantirish mumkin.Uchinchidan, aholini ro‘yxatga olish bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining tavsiyasi hisoblanadi. Mazkur tadbir dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘tkazildi. Aholini ro‘yxatga olish butun dunyo aholisining umumiy, keng ko‘lamli qiyofasi yaratilishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston hududida birinchi aholini ro‘yxatga olish tadbiri qachon o‘tkazilgan?
JAVOB
So‘rov davlat tilida o‘tkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkin. Bunda ro‘yxatga oluvchi xodimlar ushbu hududda yashovchi yoki shu hududning aholisi bilan erkin muloqot qila oladigan shaxslar orasidan tanlanadi.
Birinchi marta aholini ro‘yxatga olingandan beri O‘zbekistonda aholi soni qanchaga o‘zgardi?
JAVOB
O‘zbekistonda birinchi marta aholini ro‘yxatga olingandan beri aholi soni 9,7 martaga ko‘paydi.
Aholini ro‘yxatga olish tadbiri qaysi me‘yoriy- huquqiy hujjatga asosan o‘tkaziladi?
JAVOB
"Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida"gi qonun 2020-yil 16-martda qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida"gi PF-173-son Farmoni. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida" 2025-yil 7-oktyabrdagi 629-son qarori
Aholini hisobga olish davri nima?
JAVOB
Aholini ro‘yxatga olishni aniq bir muddatda o‘tkazish. Bu tadbirni amalga oshirishga odatda 45 kun talab etiladi. Ro‘yxatga olish bir necha kun davomida o‘tkazilsa ham, ma‘lumotlar aniq bir vaqtda – ko‘pincha aholini ro‘yxatga olishning birinchi kunining 0 soatdagi holati bo‘yicha qayd etiladi. Bu aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi. Masalan, chaqaloq aholini ro‘yxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tug‘ilgan bo‘lsa, u aholi ro‘yxatiga kiritilmaydi. Lekin, kimdir bu aniq nozik muddatda hayot bo‘lib, shundan keyin, ya‘ni aholini ro‘yxatga olish davrida vafot etsa, u aholi ro‘yxatiga kiritiladi. Ro‘yxatga olish 2026 yilning 15 yanvaridan 28 fevraliga qadar o‘tkaziladi va ro‘yxatga olish boshlanishining aniq payti 2026 yil 15 yanvar (keyingi o‘rinlarda — ro‘yxatga olish sanasi) soat 00:00 etib belgilanadi.
Ro‘yxatga olish shakliga nima uchun milliy mansublik masalasi kiritilgan?
JAVOB
Aholini ro‘yxatga olish aholining milliy tarkibi bo‘yicha yagona axborot manbai hisoblanadi. Hozirgi vaqtda aholini milliy tarkibi haqida ma‘lumot to‘plashning boshqa usuli yo‘q. Mamlakatimizda turli xil millat va elat, etnik guruh vakillari istiqomat qiladilar. Fuqaroldarning millati to‘g‘risida ma‘lumotlarni ro‘yxatga olishda faqat ularning so‘zlariga asoslanadi. Har bir insoni o‘z tarbiyasi va dunyoqarashiga muvofiq o‘z fuqaroligini aniqlash huquqiga ega.
Aholini ro‘yxatga olish tadbirida necha yoshdan boshlab ro‘yxatga olish mumkin?
JAVOB
Aholini ro‘yxatga olishda yoshidan qat‘iy nazar, mamlakatning barcha aholisi hisobga olinishi kerak. Oilaning yoshi katta a‘zolari voyaga yetmagan a‘zolari haqida ma‘lumot beradilar.
Uyiga begonani kiritishni xohlamaydigan kishilar ro‘yxatga olishda qanday ishtirok etishi mumkin?
JAVOB
Ba‘zi holatlar tufayli ro‘yxatdan o‘tuvchilar bilan yashash joylarida uchrashish imkoni bo‘lmasa yoki xohishi bo‘lmasa, doimiy ro‘yxatga olingan joylarida tashkil etilgan statsionar uchastkalarida ro‘yxatga olishdan o‘tishlari mumkin. Bunday joylar iloji boricha tuman markazlarida tashkil etiladi va har bir fuqaro uchun ochiqdir. Statsionar uchastkalar joylashuvi oldindan e‘lon qilinadi.
Harbiy xizmatdagi aholi qanday ro‘yxatdan o‘tadi
JAVOB
Bunday shaxslar harbiy xizmatni o‘tash joyilarida ro‘yxatga olinadilar.

