2021- yil noyabr oyida respublikamizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik jarayonini o‘rganish maqsadida joriy yilning 6- aprel kuni MDH statistika qo'mitasi raisi Vladimir Leonidovich Sokolin hamda Davlat statistika qo‘mitasi raisi Bahodir Abdusalomovich Begalov boshchiligida seminar tashkil etildi.
Uchrashuvda Davlat statistika qo'mitasi raisining o'rinbosarlari Mahmudjon Ziyadullayev va Zohidjan Ziyayev, markaziy apparat boshqarma boshliqlari, videokonferensaloqa orqali hududiy statistika boshqarmalari xodimlari ishtirok etishdi.
Uchrashuvni Davlat statistika qo‘mitasi raisi B.A. Begalov ochib berdi. O‘z nutqida B.A. Begalov mamlakatimizda statistika sohasida erishilgan yutuqlar, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rishda amalga oshirilgan ishlar borasida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv davomida V.L. Sokolin xorijiy davlatlarning statistika sohasidagi tajribalari, xususan, demografiya statistikasi, aholini ro‘yxatga olish tadbiri va COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq sharoitda aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazgan davlatlar tajribasi haqida batafsil so‘zlab berdi. Shu bilan birga, 2021- yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishda nimalarga e’tibor berish haqida tavsiyalar berdi.
Uchrashuv yakunida V.L. Sokolin ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berdi.
Matbuot xizmati

