O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “2023- yilda O`zbekiston Respublikasida aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish va o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bilan 2021 yilning 1-25 noyabr kunlari Аndijon viloyatining Xo`jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri va Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish tadbiri o`tkazilishi belgilandi.
Аyni kunlarda mazkur hududlarda sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish tadbiriga qizg`in tayyorgarlik ko`rilmoqda. Davlat statistika qo`mitasi vakillari va hududiy statistika organlari masʼullaridan iborat ishchi guruh joylardagi aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalarini qayta o`rganib chiqmoqdalar.
O`rganishlar davomida mahalla va aholi punktlari chegaralarining aniqligi, ko`chalar nom belgilarining o`rnatilganligi, uy va xonadonlarning raqamlanganligi o`rganilmoqda.
Shuningdek, joylardagi mahalla fuqarolariga aholini ro`yxatga olishning mazmun-mohiyati, undan ko`zlangan maqsad hamda mamlakatimizning kelgusi ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tutadigan o`rni xususida tushunchalar berilmoqda.
Hududlardagi o`rganishlar davom etmoqda.
Axborot xizmati