Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi

Joriy yilning 5- yanvar kuni 2023- yilda mamlakatimizda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish ishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan vebinar tashkil etildi.

Unda Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Maxmudjon Ziyadullayev, Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Kobil Berdikulov, bo‘lim boshliqlari hamda hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda kartografik materiallarning, sxematik reja va xaritalarning texnik shartlarga mos ravishda tayyorlanganligini o‘rganish holati, aholi soni ko‘rsatilgan holda aholi punktlarida mavjud xonadonlar ro‘yxati bo‘yicha shakllantirilgan jadvallarning yangilanish holati, xonadon va uylarga raqamlarni o‘rnatilganligi holatlаri va aholini ro‘yxatga olishning mazmun-mohiyatini aholining keng ommasiga tushuntirish bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlar muhokama etildi.

Shuningdek, joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo`lgan dolzarb vazifalar xususida ham so`z yuritildi.

Hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida nimalarga e’tibor berish lozimligi yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.

 

Axborot xizmati