Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning 1-bosqichi yakunlandi va 2-bosqich boshlandi

Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar! Avvalo, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining birinchi — onlayn bosqichida faol ishtirok etgan barcha fuqarolarga minnatdorlik bildiramiz. Eslatib o‘tamiz, onlayn veb-platforma o‘z muddatida yakunlandi va endilikda u orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati mavjud emas.

2026 yilning 4–28 fevral kunlari ro‘yxatga olish tadbirining ikkinchi bosqichi o‘tkaziladi. Ushbu bosqichda ro‘yxatga oluvchilar — mahalla vakillari xonadonma-xonadon yurib, maʼlumotlarni planshet qurilmalari orqali elektron tizimga kiritadilar.

Jarayonning shaffof va tartibli o‘tishi uchun ro‘yxatga oluvchilarning harakatlari GPS orqali kuzatib boriladi. Agar maʼlumotlar xato yoki kamchiliklar bilan kiritilsa, yoxud registrator belgilangan qoidalarga amal qilmasdan, xonadonga bormasdan savolnomani to‘ldirsa, bunday maʼlumotlar tizim tomonidan qabul qilinmaydi va registrator planshetiga avtomatik ogohlantirish yuboriladi.

Bu choralarning asosiy maqsadi — maʼlumotlarni to‘g‘ri va to‘liq yig‘ish, ishonchli hamda sifatli maʼlumotlar bazasini shakllantirishdan iborat.

Hurmatli yurtdoshlar! Agar xonadoningizga kelgan registratorni tanimasangiz yoki unga nisbatan shubha tug‘ilsa, undan xizmat beydjikini ko‘rsatishni talab qiling. Beydjikdagi QR-kod orqali registrator haqidagi maʼlumotlarni tekshirishingiz mumkin — ushbu maʼlumotlar yagona bazaga kiritilgan. Shuningdek, 1851 qisqa raqami orqali faoliyat yuritayotgan koll-markazga qo‘ng‘iroq qilib, registrator haqida qo‘shimcha maʼlumot olish imkoniyati mavjud.

Ayrim holatlarda birinchi bosqichda onlayn ro‘yxatdan o‘tib, sertifikat olgan fuqarolar xonadoniga ham registratorlar tashrif buyurishi mumkin. Bu, odatda, onlayn savolnomada maʼlumotlar xatolik yoki kamchiliklar bilan kiritilgani bilan bog‘liq bo‘ladi.

Yana bir muhim jihat: xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga muvofiq, asosiy ro‘yxatga olish tadbiridan so‘ng maʼlumotlarning aniqligi va sifatini baholash maqsadida qayta tekshiruv o‘tkaziladi. Bunda tasodifiy tanlab olingan xonadonlarga mutaxassislar qayta tashrif buyuradilar. Qayta tekshiruvlar, odatda, jami ro‘yxatdan o‘tganlarning 10–15 foizini qamrab oladi va bu xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladigan tajriba hisoblanadi.

Tayyorgarlik ishlari doirasida 2025 yil dekabr oyida respublika bo‘yicha 7,6 milliondan ortiq turar joy obyektlarining GPS-koordinatalari aniqlashtirildi. Milliy statistika qo‘mitasi ushbu lokatsiya maʼlumotlari orqali ro‘yxatga olish jarayonlarini real vaqt rejimida kuzatib, ro‘yxatga oluvchilarning aniq manzilda ish olib borayotganini tekshiradi hamda maʼlumotlarning sifatini nazorat qiladi. Bu esa har bir hududdagi ishlar holatini aniq va tezkor baholash imkonini beradi.

Hurmatli yurtdoshlar! Ro‘yxatga olish — bu mamlakatimizning bugungi holati va kelgusi rivojini belgilashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan umummilliy tadbirdir. Shu bois, ikkinchi bosqichda ham faol ishtirok etib, registratorlarga zarur maʼlumotlarni to‘liq va xolis taqdim etishingizni so‘raymiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!