Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik jarayonlari o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Laziz Mirsoatov Namangan viloyatiga tashrif buyurib, 2026-yilda o‘tkaziladigan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida qo‘mita raisi o‘rinbosari Norin tumani hokimi Jo‘rabek Nurmatov bilan uchrashib, hududda ro‘yxatga olish ishlarini belgilangan talablar asosida sifatli, o‘z vaqtida va samarali tashkil etish, masʼul tuzilmalar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Shuningdek, Norin tumanidagi “Yuqori Cho‘ja” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha tashkil etilgan shtab faoliyati bilan tanishdi.

O‘rganishlar davomida “mahalla yettiligi” aʼzolari tomonidan zamonaviy GIS texnologiyalari asosida maʼlumotlarni yig‘ish, uy xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi obyektlarini to‘liq qamrab olish, joy obyektlarining geografik aniqligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

Tashrif yakunida masʼullarga ro‘yxatga olish jarayonlarini yanada takomillashtirish, raqamli yechimlardan samarali foydalanish hamda maʼlumotlar sifati va ishonchliligini taʼminlash yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.