O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi PF–173-sonli Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-noyabrdagi 742-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Jizzax viloyati Zarbdor tumanida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik holati o‘rganildi.

Shu munosabat bilan tuman hokimligi masʼullari hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Y. Usmonov boshchiligidagi ishchi guruh tumanga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ishlari, xususan, turar joy obyektlarining GPS-koordinatalarini maxsus axborot tizimida qayd etish jarayonlari batafsil o‘rganildi. Ushbu jarayonlarning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi ro‘yxatga olish tadbirining aniqligi va ishonchliligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Shuningdek, tumanda tashkil etilgan ro‘yxatga olish shtabi faoliyati ko‘zdan kechirilib, masʼul idoralar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

O‘rganishlar yakunida ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ishlarini yanada jadallashtirish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish hamda belgilangan vazifalar ijrosini sifatli taʼminlash bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

