Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF–173-son Farmoni ijrosini taʼminlash masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F. Ermanov raisligida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamrayev, shuningdek, respublika vazirlik va idoralari, hududiy tashkilotlar hamda tegishli masʼul rahbarlar ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida 2026 yilda o‘tkazilishi belgilangan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish holati, tashkiliy ishlar, idoralararo hamkorlikni taʼminlash, mahallalar kesimida maʼlumotlar tayyorlash hamda aholini ro‘yxatga olish jarayoniga jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, ro‘yxatga olish tadbirini xalqaro standartlarga muvofiq, sifatli va o‘z vaqtida o‘tkazish, masʼul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish hamda jarayonlarni doimiy nazoratga olish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.


