Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Toshkent shahar statistika boshqarmasidagi shtab faoliyati bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Laziz Mirsoatov Toshkent shahar statistika boshqarmasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri bo‘yicha tashkil etilgan shtab faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif davomida aholini ro‘yxatga olishga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari, tashkiliy ishlar holati va mutasaddi idoralar o‘rtasidagi hamkorlik masalalari o‘rganildi. Shuningdek, Rais o‘rinbosari ZOOM platformasi orqali tuman statistika bo‘limi boshliqlari bilan onlayn muloqot o‘tkazib, GAT ma’lumotlarini shakllantirish hamda uning aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni sifatli o‘tkazishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Muhokamalarda har bir mahalla va obyektning geolokatsiyasini aniq belgilash, ma’lumotlarni raqamli xaritalar bilan muvofiqlashtirish, GAT orqali to‘planadigan ma’lumotlarning haqqoniyligini ta’minlash muhimligi qayd etildi. Shuningdek, bu to‘liq qamrovni ta’minlash, statistik ma’lumotlar sifatini oshirish va keyingi tahliliy ishlar uchun axborot bazasini shakllantirish imkonini berishi ta’kidlandi.

Tashrif yakunida mas’ul mutaxassislarga GAT ma’lumotlari bilan ishlashni belgilangan talablarga muvofiq tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.