Mahalla yettiligi hamda tegishli mas’ullarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi

Samarqand shahrida "mahalla yettiligi"ning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ikki kunlik seminar tashkil etildi. Ushbu seminar davomida tinglovchilarga “mahalla yettiligi” tomonidan ro‘yxatga olishning mazmun-mohiyati hamda tashkil qilish tartibi, yangi namunadagi “Mahalla balansi” ko‘rsatkichlari tahlili va ma’lumotlarni shakllantirish bosqichlari tushuntirildi.

Shuningdek, “Raqamli mahalla” platformasida joriy etilgan modullar, vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan ma’lumotlar, “Mahalla balansi”dagi mavjud ko‘rsatkichlarini “Raqamli mahalla” platformasi orqali to‘liq raqamlashtirish mexanizmlari, platformada joriy etilgan “Davomat” va “Ijtimoiy murojaat” modullari, mahalla raisi tomonidan muammoli masalalarni yo‘naltirish, “yettilik” a’zolari hisobotini eshitish tartibi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari, “Raqamli mahalla” platformasining mobil ilovasi orqali fuqarodan kelib tushgan murojaatni yo‘naltirish va ma’lumotlarini tizimga kiritish tartibi, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish hamda aholi turmush farovonligini yanada oshirishda “Ombor daftari”ning ahamiyati va uni yuritish tartibi kabi muhim masalalar ham kun tartibidan o‘rin oldi.

Ko‘xna Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan o‘quv-seminarda hududiy boshqarmalar, tuman va shahar bo‘limlari mas’ul xodimlari bilan o‘zaro fikr almashildi, amaliy jarayonlarda ularning salohiyatini sinovdan o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, seminar soha vakillari uchun chinakam ma’nodagi tajriba maydoni bo‘ldi.