Milliy statistika qo‘mitasi raisi Surxondaryo viloyatidagi tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-173-sonli Farmoni ijrosi doirasida joylarda amaliy ishlar izchil davom etmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi raisi B. Hamrayev Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurib, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida viloyat statistika boshqarmasi tashkil etilgan shtab faoliyati o‘rganilib, tashkiliy ishlar samaradorligini oshirish, o‘qitish ishlarini yana-da rivojlantirishga qaratilgan zarur ko‘rsatmalar berildi. Shu kuni B. Hamrayev olis hududlar — Muzrabot tumanidagi “Mohiyat”, Termiz tumanidagi “Gulbahor” mahalla fuqarolar yig‘inida ham bo‘lib muddatidan avval ro‘yxatga olish ishlari holati bilan tanishdi.

Tashrif yakunida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini samarali tashkil etish, masʼullar faoliyatini muvofiqlashtirish va jarayonlarni yuqori saviyada amalga oshirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi.