2026 yilda yurtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish maqsadida, mamlakatimizning barcha hududlarida vazirlik va idoralarning masʼul rahbarlari tomonidan tayyorgarlik ishlari bo‘yicha doimiy monitoring va nazorat amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov Navoiy viloyatiga ishchi tashrif buyurib, viloyat hokimligi qoshida tashkil etilgan shtab faoliyati bilan tanishdi va uning aʼzolari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Tashrif doirasida vazir tomonidan shtab faoliyati, barcha tashkiliy tadbirlarning amalga oshirilishi, masʼul xodimlarning tayyorgarlik darajasi, ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnika taʼminoti holatini qamrab olgan kompleks tahlil o‘tkazildi. Tashrif natijalariga ko‘ra, masʼul mutaxassislarga ustuvor vazifalarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida tegishli topshiriqlar berildi.

Tashrif yakunida vazir tomonidan tadbirni samarali o‘tkazishga qaratilgan qator topshiriqlar berildi. Hududlarda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonini yuqori sifatda tashkil etish, aholining xabardorligini oshirish va barcha mas‘ullar masʼuliyatini yana-da kuchaytirishga oid vazifalar belgilab berildi.

