O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-173-son Farmoni ijrosi, shuningdek Vazirlar Mahkamasining chegara hududlardagi mahallalar bo‘yicha berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda o‘rganishlar davom ettirilmoqda.

Shu munosabat bilan AT Xalq banki boshqaruvi vakillari Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumaniga tashrif buyurib, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif davomida tuman shtabi faoliyati, ro‘yxatga olish uchun yaratilgan moddiy-texnika bazasi, mas’ul xodimlarning ishga tayyorligi hamda chegara hududlarda joylashgan mahallalarda olib borilayotgan amaliy choralar o‘rganildi.

Tumanda aholi va qishloq xo‘jaligi obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini tizimli yo‘lga qo‘yish, chegaradosh mahallalarda sodda va tushunarli tarzda tushuntirish ishlarini olib borish, har bir mas’ulning vazifalarini aniqlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv chog‘ida tuman mas’ullari bilan birgalikda bajarilayotgan ishlar, mahallalarda tashkil etilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari hamda ro‘yxatga olish jarayonida mas’ul xodimlarning vazifalari muhokama qilindi. Mutasaddilarga jarayonni sifatli tashkil etish, ro‘yxatga olish natijalarini to‘g‘ri rasmiylashtirish va aholiga mazkur tadbirning mohiyatini yetkazish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.

Shu doirada tuman Milliy gvardiya bo‘limi bilan hamkorlikda ro‘yxatga olish jarayoniga oid vazifalar yuzasidan qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Shuningdek, “Ijodkor” va “Yozyovon” MFYlarda ro‘yxatga olish talablari, jarayon bosqichlari va aholi tomonidan taqdim etilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar bo‘yicha aholiga keng tushuntirish ishlari amalga oshirildi.



