O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-173-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Bosh prokuraturada ushbu yo‘nalishdagi vazifalarni samarali tashkil etishga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Milliy statistika qo‘mitasi mutaxassislari hamda Farmonda belgilangan vazifalarning Toshkent viloyatida to‘laqonli bajarilishi va nazorati uchun biriktirilgan Bosh prokuratura masʼul xodimlari ishtirok etdilar.


Seminar davomida mutaxassislar tomonidan:
- ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni amalga oshirishning huquqiy-tashkiliy asoslari,
- hududiy komissiyalar, ro‘yxatga olish shtablari va uchastkalari faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish,
- hududlarga biriktirilgan mutasaddi idoralar masʼuliyatini oshirish,
- sohada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish mexanizmlari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Ishtirokchilar seminarda faol ishtirok etib, maʼruzachilar tomonidan bayon qilingan maʼlumotlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdilar, qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi va Farmonning ijrosini o‘z vaqtida, yuqori sifat bilan tashkil etish yuzasidan o‘z takliflarini taqdim etdilar.

Seminar yakunida bildirilgan fikr va takliflar asosida kelgusi ishlar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonlarida masʼul organ va idoralar hamkorligini taʼminlash, hududlarga biriktirilgan mutasaddilarning masʼuliyati va nazorat tadbirlarini kuchaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.


