O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi PF-173-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek 2026-yilda o‘tkaziladigan mazkur keng qamrovli tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Yoshlar markazi zalida tuman shtablari tarkibi uchun navbatdagi o‘quv-seminar o‘tkazildi.


Mazkur seminar ro‘yxatga olish jarayonini hududlarda izchil, aniq va shaffof amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi. Tadbir davomida tuman shtablari a’zolariga Farmon talablaridan kelib chiqadigan asosiy vazifalar, ro‘yxatga olish jarayonining bosqichlari, mahalla kesimidagi ishlarni muvofiqlashtirish hamda idoralararo hamkorlikning ahamiyati batafsil tushuntirildi.

Seminarda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi:
- Ro‘yxatga olishning huquqiy va tashkiliy asoslari, PF-173-sonli Farmonning mazmun-mohiyati;
- Savolnomalar bilan ishlash, ularni elektron tarzda to‘ldirish va ma’lumotlarni to‘g‘ri kiritish qoidalari;
- Elektron axborot tizimlari, xususan, planshetlar orqali data kiritish jarayoni va texnik talablar;
- Mahalla yettiligi bilan hamkorlik, fuqarolar bilan ishlashning yangi yondashuvlari hamda xabardorlikni oshirish mexanizmlari;
- Tuman shtablari faoliyati monitoringi, shuningdek jarayonning barcha bosqichlarini nazorat qilish tartibi.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida mutaxassislar tomonidan amaliy ko‘rsatmalar berildi, jarayonni sifatli tashkil etishda uchrashi mumkin bo‘lgan savollarga batafsil javoblar taqdim etildi. Seminar ishtirokchilari interaktiv mashg‘ulotlar orqali elektron platformalar bilan ishlashni amalda sinab ko‘rdilar.

Seminar yakunida tuman shtablari tarkibi aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini yuqori saviyada, tizimli va shaffof tarzda o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Kelgusi yilda o‘tkaziladigan mazkur muhim ijtimoiy jarayonning, ya’ni 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar davom etadigan ro‘yxatga olish tadbirining samarali o‘tishi uchun barcha tashkiliy sharoitlar yaratilgan bo‘lib, tayyorgarlik ishlari viloyatning barcha hududlarida izchil davom etmoqda.


