Urganch tumanida “mahalla yettiligi” ishtirokida amaliy o‘quv-seminar tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PF-173-sonli “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Xorazm viloyatining barcha tuman va shaharlarida ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ishlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shu munosabat bilan Urganch tumanida mahallalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faollari hamda “mahalla yettiligi” tarkibi uchun amaliy o‘quv-seminar tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — ro‘yxatga olish jarayonida ishtirok etuvchi xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, jarayonning izchil va aniq o‘tishini ta’minlashdir.

Seminarda viloyat statistika boshqarmasining mas’ul mutaxassislari tomonidan quyidagi yo‘nalishlarda batafsil tushuntirishlar berildi:

  • ro‘yxatga olish dasturi bilan ishlash tartibi;
  • savolnomalarni to‘g‘ri va aniq to‘ldirish qoidalari;
  • axborot tizimidan samarali foydalanish bo‘yicha nazariy ko‘rsatmalar;
  • amaliy mashg‘ulotlar orqali elektron platformada ishlash jarayonini o‘zlashtirish.

Tadbir davomida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar, ro‘yxatga olish jarayonining mazmun-mohiyati hamda undagi mas’uliyat haqida qo‘shimcha tushunchalar berildi.

Mazkur o‘quv-seminar joylarda ro‘yxatga olish ishlarini sifatli tashkil etish, fuqarolar bilan ishlash jarayonida yagona yondashuvni shakllantirish hamda mas’ullar tayyorgarligini oshirishga xizmat qildi.