O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PF–173-son “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Yangiyer shahrida tashkil etilgan maxsus shtab faoliyati Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganildi.
Tashrif davomida Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Mamatkarimov ishtirokida olib borilayotgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari, mas’ul xodimlarga biriktirilgan vazifalar hamda shakllantirilgan hujjatlar holati atroflicha muhokama qilindi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini samarali tashkil etish bo‘yicha aniq tavsiyalar belgilandi. Shu bilan birga, mazkur jarayonda Yangiyer shahri boshqa hududlarga namuna bo‘lishi lozimligi alohida ta’kidlandi.
Shu o‘rinda Bobur mahallasi misolida mahalla yettiligi faoliyatining ahamiyati hamda ularning aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonidagi ishtiroki muhim ekanligi alohida qayd etildi.
Ro‘yxatga olish tadbirlari doirasida aholini xabardor qilish, sohaga oid elektron tizimlardan samarali foydalanish va ma’lumotlarning aniqligiga erishish yuzasidan aniq choralar belgilab olindi.




