Aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayorgarlik jarayonlari bo’yicha o`quv-amaliy seminar tashkil etildi

2020 yilning 18 sentyabr kuni Navoiy viloyat statistika boshqarmasida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi “O'zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro'yxatga olishni o'tkazish Kontseptsiyasini tasdiqlash to'g’risida”gi PF-5655-sonli Farmoniga muvofiq joylarda 2022 yilda aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar muhokamasi va bajarilishi lozim bo'lgan vazifalar to'g’risida viloyat statistika boshqarmasi va tuman, shahar statistika bo'limi xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi.

Seminar yig’ilishni Navoiy viloyat statistika boshqarmasi boshlig’i o'rinbosari U.Suyunov kirish so'zi bilan ochib, seminar qatnashchilariga 2020 yilning 8-9 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasida o'tkazilgan seminarda muhokama qilingan masalalar to'g’risida to'xtalib o'tdi.

Jumladan, seminar qatnashchilariga O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 avgustdagi “O'zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to'g’risida”gi PQ-4796- sonli qarorga binoan ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish maqsadida, Davlat statistika qo'mitasiga jami 65 ta shtat birligi, jumladan 45 tasi hududiy boshqarmalar uchun ajratilganligini, shunga ko'ra, viloyat statistika boshqarmasida ham “Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish” bo'limi tashkil etilganligini aytib o'tib, bo'lim xodimlarini tanishtirdi.

Navoiy viloyat statistika boshqarmasi Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish bo'limi boshlig’i M.Yuldasheva seminar qatnashchilariga o'z ma'ruzasida aholini ro'yxatga olish Respublikamizda 1989 yildan buyon ilk marotaba o'tkazilayotganligini, ro'yxatga olish mamlakatimiz uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligi, uning maqsadi, asosiy vazifalari, bosqichlari, qaysi me'yoriy-huquqiy hujjatlar asosida o'tkazilayotganligi tug’risida tushunchalar berib, boshqarma tizimidagi barcha xodimlarni ushbu tadbirda faol ishtirok etib, o'ziga yuklatilgan vazifalarga mas'uliyat bilan yondoshish kerakligi haqida aytib o'tdi.

Shuningdek, U.Suyunov ro'yxatga olish jarayonida to'planadigan statistik ma'lumotlar endilikda yagona elektron axborot tizimiga kiritilishi, natijada viloyatning   har bir mahallasiyu ko'chasiga, olis ovullariga aloqador barcha ma'lumotlarni o'zida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega bo'lishi haqida to'xtalib, bu qimmatli ma'lumotlar esa bugun, ertaga va yaqin kelajak uchun zarurligi to'g’risida aytib o'tdi.

Aholini ro'yxatga olish tadbiri keng qamrovli va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining diqqat markazida bo'lib turganligini inobatga olgan holda joylardagi tegishli tashkilotlar bilan birgalikda belgilangan vazifalarni sifatli bajarish lozimligi haqida tushuntirishlar berib o'tdi.

Shuningdek, o'quv-seminar qatnashchilari Aholini ro'yxatga olish varaqalari shakllari bilan tanishtirildi va ularni to'ldirish yo'riqnomasi bo'yicha amaliy tushuntirishlar berildi.

Seminar davomida qatnashchilarga aholini ro'yxatga olishni tashkil etish va o'tkazish jarayonlari bilan bog’liq bo'lgan savollariga batafsil tushunchalar berildi.

 

Axborot xizmati