Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  2020- yil 11- noyabrdagi 710- son qaroriga muvofiq, aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbiri 2021- yil 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur tadbirlarni samarali o‘tkazish maqsadida, aholini sinov tariqasida ro‘yxatga oluvchi shaxslarni o‘qitish var ro‘yxatga olish jarayonlariga tayyorlash ishlari boshlandi.

Xususan, joriy yilning 4 oktabridan boshlab, sinov hududlarida shartnoma asosida ishga jalb qilinadigan shaxslar (ro‘yxatga olish uchastka boshlig‘i va uning o‘rinbosari, instruktor, statsionar ro‘yxatga oluvchi va ro‘yxatga oluvchi)larni maxsus dastur asosida o‘qitish va amaliy ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv-amaliy seminarlar boshlandi.

Davlat statistika qo‘mitasining Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi xodimlari aholini ro‘yxatga olish dasturini yaratishga mas’ul bo‘lgan “PIXYZ” MChJ tashkiloti vakillari bilan birgalikda dasturga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Xususan, Sirdaryo viloyatida  mazkur elektron dasturga ma’lumotlarni kiritish va qayta ishlash bilan ishlash bo‘yicha barcha shahar va tuman bo‘limlaridan biriktirilgan xodimlari uchun master klass o‘tkazildi.

Shuningdek, seminarlarda ro‘yxatga oluvchilarga mahallalarning sxematik xaritalari asosida uy-joylar ro‘yxatidan foydalanish, so‘rovnoma blankalarini to‘g‘ri to‘ldirish,  respondentlar bilan muloqat qilish, to‘ldirilgan blankalarni saqlanishi va topshirilishi yuzasidan amaliy ko‘rsatmalar berilmoqda.

Seminarlar oktabr oyi davomida reja grafik asosida  o‘tkaziladi.

Matbuot xizmati