UNFPA vakili registratorlarni o‘qitish jarayonlari bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  2020- yil 11- noyabrdagi 710- son qaroriga muvofiq, aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbiri 2021- yil 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Joriy yilning 29- aprel kuni BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yu Yu, Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Ziyadullayev va qo‘mitaning Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Qobil Berdiqulov Yashnobod tumaniga tashrif buyurib, registratorlarni o‘qitish jarayonlari bilan tanishdi.

Ishtirokchilar registratorlarga uy-joylar ro‘yxatini tuzish jarayonlarida e'tibor berilishi lozim bo‘lgan muhim masalalar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berdi.

BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yu Yu hamda Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M. Ziyadullayev registratorlarning qiziqtirgan savollariga batafsil javob berishdi.

Kunning ikkinchi yarmida Yu Yu registratorlar bilan o‘zaro fikr-mulohaza almashib, ularga uy-joylar ro‘yxatini tuzish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Uchrashuv so‘nggida registratorlarga  UNFPA tomonidan esdalik sovg‘alari berildi.

Matbuot xizmati