Uy-joylar ro‘yxatini tuzuvchi xodimlarni o‘qitish jarayonlari boshlandi

Joriy yilning 1–25- noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qaroriga muvofiq sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlar Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm  viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida amalga oshirilishi belgilangan.

Mazkur tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida shu yilning may oyi davomida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi belgilangan hududlarda uy-joylar ro‘yxati tuzilib, aholi soniga aniqlik kiritilgan holda xonadonlar ro‘yxati to‘liq yangilab chiqilishi rejalashtirilgan.

Ushbu jarayonlarda qatnashadiganlar statistika organlari, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari, kadastr idoralari va boshqa tashkilotlar xodimlari orasidan tanlab olingan. Xususan, Xo‘jaobod tumanidan 35 nafar, Yuqori Chirchiq tumanidan 37 nafar, Xiva shahridan 22 nafar va Yashnobod tumanidan 81 nafar, jami 175 nafar uy-joylar ro‘yxatini tuzuvchilar (registratorlar) bir oy davomida shartnoma asosida vaqtincha ishga jalb etiladi.  

2021- yilning 28- aprel kuni mazkur ishlarni sifatli va yuqori darajada tashkil etish maqsadida ushbu hududlarda registratorlarni maxsus dastur asosida o‘qitish va amaliy ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv-amaliy seminarlar boshlandi.

Ushbu seminarlar Davlat statistikasi qo‘mitasi, hududiy statistika organlari mutaxassislari hamda tuman (shahar) aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiya a'zolari tomonidan tashkil etilmoqda.

Seminarlarda registratorlarga kadastr organlari tomonidan tayyorlangan mahallalarning sxematik xaritalari asosida uy-joylar ro‘yxatini tuzishning uslubiy qoidalari, aholi soniga aniqlik kiritish va xonadonlar ro‘yxatini to‘liq yangilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, tanlanma ravishda mahallarlarga chiqqan holda amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi.

Seminarlar 29–30 aprel kunlari ham davom etadi.

Matbuot xizmati