Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish boshqarmasi tomonidan xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan vebinar o‘tkazildi

2020- yilning 1- iyun kuni davlatimiz rahbari boshchiligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida to‘xtalib, statistika tizimining barcha mutaxassis kadrlarini o‘qitish, malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi.

Shundan kelib chiqib, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan belgilangan aniq reja asosida, qo‘mita markaziy apparati va hududiy statistika idoralari xodimlarini tizimli o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Mazkur grafik asosida joriy yilning iyun-iyul oylarida tizim xodimlarining malakasini oshirish hamda sohaga doir bilim va salohiyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan onlayn seminarlar tashkil etilgan edi.

2020- yilning 21- dekabr kuni Davlat statistika qo‘mitasi Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish boshqarmasi tomonidan hududiy boshqarmalar xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan videokonferensiya tashkil etildi.

Videokonferensiyada Davlat statistika qo‘mitasi xodimlari va hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda 2023- yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish ishlari borasida amalga oshirilayotgan tayyorgarlik jarayoni xususida batafsil fikr-mulohaza almashildi.

Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish boshqarmasi boshlig‘i Qobil Berdiqulov Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori ijrosi bo‘yicha bajarilayotgan ishlar hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Tadbirda qo‘mita va hududiy boshqarma xodimlari sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni muhokama qilgan holda tizimni rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi. Hududiy statistika boshqarmalari xodimlariga qo‘mita mutaxassislari tomonidan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan taklif va tavsiyalar berildi.

Axborot xizmati