
2026 yilning 14 yanvar kuni Milliy statistika qo‘mitasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri yuzasidan ommaviy axborot vositalari uchun brifing tashkil etildi. Unda Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev ro‘yxatga olish tadbiri boshlanishi munosabati bilan tadbirning mazmun-mohiyati, ahamiyati, tayyorgarlik ishlari, onlayn ro‘yxatdan o‘tish tartibi, ushbu maqsadda joriy etilgan maxsus axborot tizimi va boshqa muhim mavzular yuzasidan maʼlumot berdi.


Brifingda taʼkidlanganidek, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan keng qamrovli statistik tadbir hisoblanadi. Ushbu jarayon orqali aholi soni va tarkibi, yashash sharoiti, mehnat resurslari hamda qishloq xo‘jaligi sohasining real holati bo‘yicha aniq va ishonchli maʼlumotlar shakllantiriladi. Olingan maʼlumotlar kelgusida davlat dasturlari, hududlarni rivojlantirish rejalari va manzilli ijtimoiy qarorlarni ishlab chiqishda asos bo‘lib xizmat qiladi.


Ro‘yxatga olish tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 sentyabrdagi PF–173-sonli Farmoniga muvofiq amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjatga asosan jarayon “mahalla yettiligi” tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarni jalb etgan holda tashkil etilmoqda. Maʼlum qilinishicha, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda, 2026 yilning 15–31 yanvar kunlari fuqarolar maxsus internet portali orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadilar.

Ushbu usulning qulayligi va tezkorligini inobatga olgan holda barcha fuqarolarga aynan shu tarzda ro‘yxatdan o‘tish tavsiya etiladi. Ro‘yxatga olish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish maqsadida maxsus axborot tizimi — census.stat.uz ishlab chiqilgan bo‘lib, u veb-platforma va mobil versiyalarni o‘z ichiga oladi. Ikkinchi bosqichda esa 4–28 fevral kunlari “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari tomonidan uyma-uy yurib, savolnomalar planshet qurilmalari orqali to‘ldiriladi.


