O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi PF–173-sonli Farmonida belgilangan vazifalar hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-oktyabrdagi 629-sonli qarorida ko‘zda tutilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 25-dekabr kuni Jizzax viloyati Markaziy bank xodimlari ishtirokida o‘quv seminari tashkil etildi.

Mazkur seminar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ishlarini yanada kuchaytirish, sohada ishtirok etuvchi xodimlarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi.

Tadbir davomida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlarining mazmun-mohiyati, uni amalga oshirishning asosiy tashkiliy bosqichlari, shuningdek, idoralararo hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish, aholi o‘rtasida tushuntirish va xabardorlik ishlarini kuchaytirish masalalari yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga ro‘yxatga olish jarayonida maʼlumotlarning aniqligi va ishonchliligini taʼminlash, raqamli platformalardan foydalanish tartibi hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javob olib, amaliy tavsiyalar bilan tanishdilar.

