Yangi Namangan tumanida aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘quv-seminar o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025- yil 19- sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-173-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Yangi Namangan tumanida joylashgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali mutaxassislari uchun o‘quv seminari tashkil etildi.

Mazkur seminar Namangan viloyati statistika boshqarmasi mutaxassislari tomonidan tashkil etilib, unda aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning huquqiy asoslari, uni o‘tkazish bosqichlari va uslublari, aniq, to‘liq va ishonchli ma’lumotlarni to‘plash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar doirasida uy xo‘jaliklarining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holatini aniq va to‘liq aks ettirish ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlarining ishonchliligini ta’minlashning asosiy omili ekanligi ta’kidlandi.

Seminar doirasida ishtirokchilarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish, elektron so‘rovnomalar bilan ishlash, ma’lumotlarni kiritishda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolarning oldini olish bo‘yicha amaliy tushunchalar berildi.

O‘quv seminari yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb savollarga mutaxassislar tomonidan javob oldilar va ro‘yxatdan o‘tish jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan tanishtirildi.