Jizzax shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari uchun o‘quv seminari tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi PF–173-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida hududlarda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ishlari izchil davom etmoqda.

Joriy yilning 19- dekabr kuni Jizzax viloyati statistika boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari uchun aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishda onlayn ro‘yxatdan o‘tish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminari tashkil etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar census.stat.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tish tartibi, elektron so‘rovnomalar bilan ishlashning o‘ziga xos xususiyatlari va onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonining asosiy bosqichlari, jumladan, shaxsga doir ma’lumotlarni to‘g‘ri kiritish talablari bilan tanishdilar.

O‘quv seminari tibbiyot muassasalari xodimlarida raqamli platformalar bilan ishlash bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni shakllantirish, ro‘yxatdan o‘tishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolarning oldini olish va belgilangan talablar asosida tadbirning sifatli o‘tkazilishini ta’minlashga xizmat qiladi.