Samarqand viloyatida talabalar uchun o‘quv seminari tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-173-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida joylarda tadbirga tayyorgarlik va targ‘ibot ishlari davom ettirilmoqda.

Bu doirada Samarqand viloyati statistika boshqarmasida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti talabalari uchun aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiriga bag‘ishlangan maxsus o‘quv seminari tashkil etildi.

Seminarda talabalarga aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning maqsadi, vazifalari va mazkur jarayonning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi ahamiyati batafsil tushuntirildi. Tadbir davomida ro‘yxatga olish ishlarida yoshlar, jumladan talabalarning faol ishtiroki muhim ekani taʼkidlandi. Seminar so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar hamda ro‘yxatga olish jarayonining amaliy jihatlari bilan yaqindan tanishdilar.