Ro‘yxatga olish tadbiri bo‘yicha xalqaro hamkor tashkilotlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 27-noyabr kuni Toshkent shahrida Milliy statistika qo‘mitasi tashabbusi bilan “Rivojlanish bo‘yicha hamkorlar muvofiqlashtirish guruhi” (Development Partnersʼ Coordination Group) yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2026-yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP), UNICEF, UNESCO, UN Women, Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) va boshqa qator nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari offlayn hamda onlayn formatda ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Milliy statistika qo‘mitasi rahbariyati tomonidan 2026-yilgi ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik jarayoni haqida batafsil maʼlumot berildi. Jumladan, tashkiliy ishlar holati, ommaviy targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, masʼul xodimlarni o‘qitish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, shaxsiy maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash, xalqaro hamkorlik hamda boshqa dolzarb masalalar yuzasidan so‘z yuritildi.

Shuningdek, UNFPA, FAO va Xalqaro migratsiya tashkiloti ham ro‘yxatga olish tadbiri bo‘yicha amalga oshirilayotgan qo‘shma ishlar, qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari va o‘zaro hamkorlik natijalari bo‘yicha o‘z taqdimotlarini namoyish etdilar. UNFPA va FAO tashkilotlarining ijobiy xulosasi asosida tasdiqlangan savolnoma 71 ta savoldan iborat bo‘lib, ulardan 54 tasi aholi, 17 tasi qishloq xo‘jaligiga oid.

Uchrashuv yakunida 2026-yilgi aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olish tadbirini xalqaro standartlarga to‘liq mos ravishda, yuqori sifatda va keng xalqaro hamkorlik asosida tashkil etish, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha kelishib olindi.

Maʼlumot uchun, 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Tadbir ikki bosqichda: 15–31 yanvar kunlari – census.stat.uz sayti orqali onlayn tarzda, keyingi 1 oy davomida – «mahalla yettiligi» aʼzolari ishtirokida uyma-uy yurib ro‘yxatga olish amalga oshiriladi.