Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha o‘quv seminarlari davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi PF-173-son Farmonining 8-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida davlat organlari, tashkilotlar hamda yirik korxonalar tizimidagi xodimlar uchun navbatdagi o‘quv-seminar o‘tkazildi. Ushbu seminar 2026-yil 15–31-yanvar kunlari census.stat.uz portalida xodimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini to‘g‘ri tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Seminarda ekspertlar tomonidan xodimlarga aholini ro‘yxatga olish jarayonining mazmun-mohiyati, ro‘yxatdan o‘tishning bosqichlari, xodimlar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash tartibi hamda savolnomalarni elektron shaklda to‘ldirish qoidalari batafsil tushuntirildi. Tashkilot va korxonalarda mas’ul etib belgilangan xodimlarning jarayonda tutgan o‘rni, ularning ma’lumotlarni o‘z vaqtida va aniq kiritishi ro‘yxatga olish sifatiga bevosita ta’sir qilishi alohida ta’kidlandi.

Seminar davomida census.stat.uz portali imkoniyatlari, ro‘yxatdan o‘tish jarayonidagi texnik bosqichlar, axborot xavfsizligi, shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlash qoidalari, savolnomalarni to‘g‘ri to‘ldirish, ma’lumotlarni tekshirish va tasdiqlash tartibi, jarayon davomida uchrashi mumkin bo‘lgan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarning savollariga javob qaytarildi, jarayonni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berildi.

Mazkur o‘quv-seminarlar aholi va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda ro‘yxatga olish tadbirini yuqori saviyada o‘tkazishga qaratilgan bo‘lib, hududlarda izchil davom ettirilmoqda.