Xorazm viloyati hokimligi huzuridagi shtabda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘quv-seminarlar tashkil etildi.

Tadbirda tuman shtab rahbarlari, statistika bo‘limlari mutaxassislari, “mahalla yettiligi” vakillari hamda ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi xodimlar qatnashdi. Seminar davomida 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan ro‘yxatga olish tadbirlarining ahamiyati, maqsad va vazifalari, so‘rov varaqalarini to‘ldirish tartibi, elektron tizimlardan foydalanish qoidalari batafsil tushuntirildi.

Mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga amaliy ko‘nikmalar berilib, jarayonni sifatli tashkil etish, aholining to‘liq qamrab olinishi hamda ma’lumotlarning aniqligini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.

Mazkur o‘quv seminarlari viloyat miqyosida ro‘yxatga olish ishlarini samarali amalga oshirish, joylardagi mas’ullar malakasini oshirish va tizimli yondashuvni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

