2023- yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar

2020- yil 7- dekabr kuni soat 16:00 da poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan “2023- yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida, Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati, Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari Ziyadullaev Mahmudjon Jo‘raqulovich kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Matbuot anjumanida ta'kidlanganidek, aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023 yilning 1–25 noyabr kunlari o‘tkaziladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish jarayoni va barcha me'yoriy hujjatlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida 2021 yilning 1–25 noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi belgilandi.

Matbuot anjumanida Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.

Axborot xizmati