2025-yilning 23-27-iyun kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasida Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishni oʻtkazishda texnik va konsultativ yordam koʻrsatish boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy statistigi bilan uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi raisi boshchiligidagi markaziy apparat masʼul xodimlari va Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy statistigi Rasmiya Aliyeva hamda BMTning oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda FAOning qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish boʻyicha Butunjahon dasturiga (WCA 2020) muvofiq aholi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishni oʻtkazish boʻyicha tavsiyalari oʻrganildi, taʼriflar va metodologiyalar boʻyicha texnik koʻrsatmalar berildi, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishning dasturi oʻrganildi, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishning axborot tizimiga qishloq xoʻjaligiga doir maʼlumotlarni kiritish va qayta ishlashga tayyorlik holati oʻrganildi, savolnoma shakllari muhokama qilindi, shuningdek BRM bilan bogʻliq modullarni integratsiya qilish boʻyicha tavsiyalar berildi.


