Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi PF-5655-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasi”ning 10-bandida kadastr organlariga Davlat statistika qo‘mitasining talabnomalari bo‘yicha belgilangan tartibda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari, ma’muriy tumanlar xaritalari) tayyorlanishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Hududiy kadastr organlari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimliklari huzuridagi aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalar tomonidan 204 ta tumanlar va shaharlarning ma’muriy xaritalari hamda 15 mingdan ortiq aholi punktlarining (mahalla, qishloq va ovullar) sxematik rejalari Davlat statistika qo‘mitasiga elektron shaklda taqdim etildi.

Aholini ro‘yxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos ravishda va sifatli o‘tkazish uchun kartografik materiallarning aniqligi va hududlardagi holatga mosligi muhim hisoblanadi.

Afsuski, hududlardan olingan kartografik materiallar tanlanma ravishda hududlarga chiqib o‘rganilganda, sifati umuman talab darajasida emasligi aniqlandi.

Masalan, joriy yilning oktabr oyida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri mahallalarining sxematik rejalari tanlov asosida joyiga chiqqan holda o‘rganilganda, quyidagi kamchiliklar aniqlandi. Jumladan:

Ayrim mahallalarning chegarasi sxematik rejaga mos kelmaydi;

- Mavjud xonadon raqamlari sxematik rejadagi raqamlar bilan mos kelmaydi;

-  2-3 yil oldin buzilgan xonadonlar shu kunga qadar sxematik rejadan chiqarilmagan;

Yangi qurilgan xonadonlar sxematik rejalarga kiritilmagan.

Bu kabi holatlar aholini ro‘yxatga olish tadbirining tashkiliy rejasini tuzishda ko‘pgina muammolarni keltirib chiqaradi. Natijada ro‘yxatga olish jarayonlarida uy va xonadonlarning qamrovi to‘liq ta’minlanmasligiga va pirovard natijada ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlari sifatsiz shakllanishiga olib keladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Prezident Farmonining ijrosi hamda mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining diqqat markazida bo‘lib turganligini inobatga olgan holda aholini ro‘yxatga olish jarayonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida hududiy komissiya vakillari bilan  hamkorlikda ishlar tashkil etilmoqda.

Axborot xizmati