Oʼzbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining qarori
Oʼzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish chora-tadbirlari toʼgʼrisida
Oʼzbekiston Respublikasining “Аholini roʼyxatga olish toʼgʼrisida”gi Qonuni hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi “Oʼzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʼyxatga olishni oʼtkazish kontseptsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi PF-5655-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, aholini roʼyxatga olishning tashkiliy va uslubiy tamoyillarini, dasturiy-texnik taʼminoti va maʼlumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlarini sinovdan oʼtkazish, davlat va xoʼjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish jarayonlaridagi masʼuliyatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
Oʼzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʼyxatga olishni oʼtkazish muddati 2022 yil 1-25 noyabrь kunlari;
Oʼzbekiston Respublikasida aholini sinov tariqasida roʼyxatga olishni oʼtkazish muddati 2021 yil 1-25 noyabrь kunlari oʼtkaziladi. Sinov tariqasida aholini roʼyxatga olish tadbiri Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumani hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida amalga oshirilsin.
Sinov tariqasida oʼtkaziladigan aholini roʼyxatga olish tadbiri natijalariga asosan zarur hollarda aholini roʼyxatga olishga oid meʼyoriy hujjatlarga tegishli oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritilsin.
2. Quyidagilar:
Oʼzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish tartibi boʼyicha tashkiliy-uslubiy Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʼzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʼyxatga olish Dasturi 2-ilovaga muvofiq;
Oʼzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʼyxatga olish varagʼi shakllari roʼyxati 3-ilovaga muvofiq;
Аholini roʼyxatga olish jarayonlariga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish va ularga haq toʼlash tartibi toʼgʼrisidagi Nizom 4-ilovaga muvofiq;
Oʼzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish hamda natijalarini elon qilish boʼyicha “Yoʼl xaritasi” (keyingi oʼrinlarda – Yoʼl xaritasi) 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Masʼul vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga “Yoʼl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni oʼz vaqtida, toʼliq va sifatli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Oʼzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʼyxatga olishni oʼtkazishga koʼmaklashish boʼyicha hududiy komissiyalar:
2021 yilda (sinov tariqasida) va 2022 yilda aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish bilan bogʼliq chora-tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirilishini taʼminlasin;
respublikamizning borish qiyin boʼlgan va togʼli hududlarida aholini roʼyxatga olish ishlarini belgilangan muddatdan oldinroq oʼtkazish boʼyicha respublika komissiyasiga 2022 yil 1 martga qadar takliflar kiritsin.
5. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari:
2021 yilda (sinov tariqasida) va 2022 yilda aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish bilan bogʼliq tadbirlarni oʼz vaqtida
va sifatli bajarilishini;
aholini roʼyxatga olish jarayonlariga jalb etiladigan roʼyxatga oluvchi xodimlarni tanlab olish, tarkibini tasdiqlash hamda oʼqitishni;
aholini roʼyxatga olishni oʼtkazishga jalb etilgan shaxslarning oʼqishi va ishlashi, shuningdek roʼyxatga olish varaqlarini saqlash uchun yaroqli boʼlgan mebellar va aloqa vositalari bilan jihozlangan vaqtinchalik binolarni bepul ajratilishini;
aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish jarayonlarida zarur boʼladigan transport va aloqa vositalari ajratilishini taʼminlasin.
6. Oʼzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʼmitasi Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Аdliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʼmitasi, Davlat soliq qoʼmitasi, Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʼarmasi hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralarda mavjud aholi bilan bogʼliq boʼlgan maʼlumotlar bazalaridan zarur hollarda aholini roʼyxatga olish va natijalarini tahlil qilishda foydalanish maqsadida maʼlumotlar almashinuvini qonunchilikda belgilangan tartibda yoʼlga qoʼyish choralarini koʼrsin.
7. Oʼzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya
va davlat kadastri davlat qoʼmitasi belgilangan tartibda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2021 yilda (sinov tariqasida)
va 2022 yilda oʼtkaziladigan aholini roʼyxatga olish uchun zarur boʼlgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalari) bilan taʼminlasin.
8. Oʼzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʼmitasi Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
uch oy muddatda aholini roʼyxatga olish maxsus dasturiy taʼminoti va moddiy-texnika vositalarini sotib olish, roʼyxatga olish natijalarini qayta ishlash tuzilmalari uchun server, kompьyuter, printer, skaner va boshqa ofis texnikalari bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi texnik hujjat loyihalarini ishlab chiqishni;
mazkur ishlab chiqilgan texnik hujjat loyihalarini oʼrnatilgan tartibda vakolatli organlar bilan kelishgan holda ekspertizadan oʼtkazishni;
qonunchilikda belgilangan tartibda 2020-2022 yillarda xarid ishlarini tashkil etgan holda hududiy statistika organlarini tarmoq uskunalari, aloqa vositalari va yuqori tezlikdagi aloqa kanallari bilan taʼminlasin.
9. Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2021 yilda (sinov tariqasida) va 2022 yilda oʼtkaziladigan aholini roʼyxatga olish ishlariga jalb etiladigan xodimlar hamda roʼyxatga olish uchun ajratilgan bino-inshootlar xavfsizligini taʼminlasin.
10. Davlat statistika qoʼmitasi, Milliy axborot agentligi, Oʼzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʼida keng yoritilishini tashkil etsin.
11. Davlat statistika qoʼmitasi har yili belgilangan tartibda tegishli manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil (sinov tariqasida) va 2022 yilda aholini roʼyxatga olishni oʼtkazishga tayyorgarlik koʼrish, uni oʼtkazish, maʼlumotlarni qayta ishlash va natijalarini eʼlon qilish bilan bogʼliq xarajatlar smetasini 2020-2024 yillarda Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʼlar doirasida ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. 2021 yil 1 avgustdan 2022 yil 1 dekabrga qadar qoida tariqasida respublika boʼylab maʼmuriy-hududiy tuzilish, toponomik obʼektlarga nom berish va ularning nomlarini oʼzgartirish vaqtincha toʼxtatib turilsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari J.А.Qoʼchqorov, Oʼzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʼmitasi raisi B.А.Begalov zimmasiga yuklansin.
Oʼzbekiston Respublikasining
Bosh vaziri А. Аripov

