Joriy yilning 28-fevral–3-mart kunlari Amerika Qoʻshma Shtatlarining Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh ofisida Statistika komissiyasining 54-sessiyasi bo‘lib oʻtdi.
Statistika idoralarining eng nufuzli yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi delegatsiya vakillari ham ishtirok etishdi.

Delegatsiya 27-fevral kuni tashkil etilgan “Statistika forumi”da ham qatnashdi. Forum doirasida bir qator statistika idoralari rahbarlari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan oʻzaro muloqot-tajriba almashildi.
Sessiya davomida bosh kotibning demografik statistika to‘g‘risidagi hisoboti taqdim etildi. Hisobotda Bosh kotib statistika bo‘limining demografik statistika sohasidagi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi. Hisobotda o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan 2020-yilgi butunjahon aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish dasturini amalga oshirish bo‘yicha bajarilgan ishlar haqida qisqacha axborot berilgan bo‘lib, unda COVID-19 pandemiyasining ro‘yxatga olish dasturini amalga oshirishdagi salbiy oqibatlari, a’zo davlatlarning iltimosiga binoan ro‘yxatga olish tashkilotchilarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash, aholini ro‘yxatga olish sohasida milliy salohiyatni oshirishda seminarlar o‘tkazish va mamlakatlarga aholining milliy statistik registrlarini tashkil etish bo‘yicha komissiya tavsiyalarini bajarishda yordam berish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.

Bundan tashqari, uy xo‘jaliklarini o‘rganish bo‘yicha Kotibiyatlararo ishchi guruhining hisoboti taqdim etildi. Unga ko‘ra guruhning so‘nggi paytlarda olib borgan ishlari haqida umumiy ma’lumotlar, jumladan, Statistika bo‘limi va Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamentining Aholishunoslik bo‘limining Abu-Dabidagi Nyu-York universiteti bilan hamkorlikda COVID-19ning o‘lim darajasiga ta’sirini kuzatuvlar va aholini ro‘yxatga olish orqali baholashning innovatsion usullari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ekspertlar guruhi yig‘ilishidagi xulosalari keltirilgan.

Shuningdek, 2030-yilgi Kun tartibini amalga oshirish uchun integratsiyalashgan ma’lumotlarga boְ‘lgan ehtiyojni qondirish uchun 2020-yilgi aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish ma'lumotlaridan maksimal darajada foydalanish imkonini beradigan a'zo davlatlar uchun yo‘riqnomani ishlab chiqishda erishilgan yutuqlarga oid savollar ham muhokama qilindi.

