Ro‘yxatga oluvchilarni o‘qitish jarayonlari davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  2020- yil 11- noyabrdagi 710- son qaroriga muvofiq, aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbiri 2021- yil 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur tadbirlarni samarali o‘tkazish maqsadida, aholini sinov tariqasida ro‘yxatga oluvchi shaxslarni o‘qitish va ro‘yxatga olish jarayonlariga tayyorlash ishlari boshlandi.

Xususan, joriy yilning 4- oktabridan boshlab, sinov hududlarida shartnoma asosida ishga jalb qilinadigan shaxslar (ro‘yxatga olish uchastka boshlig‘i va uning o‘rinbosari, instruktor, statsionar ro‘yxatga oluvchi va ro‘yxatga oluvchi)larni maxsus dastur asosida o‘qitish va amaliy ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv-amaliy seminarlar boshlandi.

Mazkur seminarlarni Davlat statistika qo‘mitasining Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi xodimlari olib bormoqda.

Davlat statistika qoʻmitasi raisi o‘rinbosari  A. Ikramov Toshkent shahar  Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish  boʻyicha vaqtincha jalb qilingan instruktorlik uchastkalari xodimlari uchun tashkil etilgan oʻquv-amaliy seminarda ishtirok etib, oʻz fikr mulohazalarini bildirdi.

Bundan tashqari A. Ikramov xodimlar bilan birgalikda xonadonma-xonadon yurib amaliyot jarayonlari bilan tanishdi.

Seminarlar oktabr oyi davomida reja grafik asosida davom ettiriladi.

Matbuot xizmati